Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Janubiy Koreyaning Shinhan Bank banki O‘zbekiston bozoriga to‘liq kirish va mamlakatda shu’ba filialini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda moliya sektoridagi manbalariga tayanib Maeil Business Newspaper xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Shinhan Financial Group raisi Chin Ok Donning ikkinchi muddati doirasidagi ilk yirik xalqaro loyiha sifatida tanlangan. U xorijiy ekspansiyani kelgusi o‘sishning asosiy omili sifatida ko‘rmoqda.

Qayd etilishicha, Shinhan Bank shu’ba bankini tashkil etish bo‘yicha ichki jarayonlarni yakunlagan va yilning birinchi yarmida O‘zbekiston moliya organlariga ariza topshirishni rejalashtirmoqda. Agar ruxsat berilsa, bu bankning xorijdagi 11-shu’ba tuzilmasi va O‘zbekistonda Janubiy Koreya tijorat banklari orasidagi ilk shunday loyiha bo‘ladi.

Mahalliy regulyatorlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, mamlakatga yuborilgan bank jamoasi tayyorgarlik ishlarining asosiy qismini yakunlagan. Bo‘linma 2027-yildayoq operatsion faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Shinhan Bank’ning O‘zbekiston bozoriga kirish rejalari 2000-yillar oxiridan beri muhokama qilib kelinmoqda. 2008-yilda bank Qozog‘istonda shu’ba tuzilmasini ochgan, 2009-yilda esa Toshkentda vakolatxona tashkil etgan. 2024-yilda bank vakillari moliya organlari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kelgan, keyinroq esa Shinhan Financial Group rahbari ham mamlakatga tashrif buyurgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning tanlanishi uning yuqori o‘sish salohiyati bilan izohlanadi. Qariyb 37 mln aholiga va o‘rtacha 29 yoshga ega mamlakat dinamik demografiyaga ega bo‘lib, iqtisodiyot faol transformatsiya bosqichida turibdi.

Bank baholashicha, respublika moliyaviy bozori hali rivojlanishning dastlabki bosqichida bo‘lib, keng o‘sish salohiyatiga ega. O‘sish omillari sifatida yuqori foiz stavkalari, kreditlash va valyuta operatsiyalari hajmining ortishi qayd etilgan.

“Bizning fikrimizcha, Vetnamda bo‘lgani kabi bozorga erta kirish uzoq muddatli istiqbolda raqobatda ustunlikka ega bo‘lish imkonini beradi”, — dedi bank vakili.

Shinhan Bank O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishda Qozog‘iston tajribasidan foydalanmoqchi. U yerda bank avval Koreya kompaniyalariga korporativ xizmat ko‘rsatishga e’tibor qaratgan, keyinchalik mahalliy biznes va chakana kreditlash, jumladan ipoteka sohasiga ham kirib borgan.

Natijada Qozog‘iston Vetnam va Yaponiya bilan bir qatorda guruhning asosiy xorijiy bozorlaridan biriga aylangan.

Shuningdek, O‘zbekiston bozoriga Shinhan Card bo‘linmasi bilan birgalikda kirish rejalashtirilmoqda. Qozog‘istonda guruh qo‘llanilgan avtomobillar bozori yirik operatori Astana Motors bilan qo‘shma korxona orqali avtokreditlashni rivojlantirib kelmoqda. O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash modelni qo‘llash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston bozoriga kirish Shinhan Financial Group tomonidan ilgari e’lon qilingan “sifatli o‘sish” strategiyasiga mos keladi. Kompaniya fikricha, rivojlanayotgan davlatlar to‘yingan Janubiy Koreya ichki bozoriga nisbatan kapital rentabellikni oshirish uchun yuqoriroq salohiyatga ega.

Yangi bank Toshkent shahrida tashkil etiladi, bu yerda Shinhan Bank vakolatxonasi allaqachon faoliyat yuritmoqda. U KDB Uzbekistan (KDB Industrial Bank’ning shu’ba banki)dan keyin Janubiy Koreya kapitaliga ega ikkinchi bank bo‘lishi kutilmoqda.

Joydagi amaliy ishlarni ofis rahbari Kim Yosep boshqarmoqda. U 2024-yil avgustda Shinhan Bank Kazakhstan’dagi besh yillik faoliyatidan so‘ng bosh ofisga qaytishi kerak edi, biroq buning o‘rniga O‘zbekistonga yo‘naltirilgan. U Qozog‘istonda orttirilgan muvaffaqiyatli tajribani ko‘chirish uchun munosib nomzod sifatida qaralmoqda.

2025-yil fevral oyida O‘zbekiston Markaziy banki va Shinhan Bank davlat banklarini xususiylashtirish masalalarini muhokama qilgan. O‘shanda Janubiy Koreya banki vakillari mamlakat bozorida faoliyatini kengaytirish rejalari borligini bildirgan edi.

Source: www.gazeta.uz