O‘zbekiston Respublikasining Gidrometeorologiya xizmati (O‘zgidromet) tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, dam olish kunlari mamlakatning ko‘p hududlarida ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, ayrim viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq hodisalari ro‘y berishi mumkin.
Juma kuni Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysining ba’zi qismlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani haqida xabar berilgan. Boshqa hududlarda esa yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati +13…+18 daraja oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Shanba va yakshanba kunlari esa Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba kuni Farg‘ona vodiysining ba’zi hududlarida ham biroz yomg‘ir yog‘ishi ehtimolda. Harorat asta-sekin ko‘tarilib, yakshanba kuni kunduzgi harorat +20…+25 darajaga, janubiy hududlarda esa +26…+28 darajagacha yetishi kutilmoqda.
19-aprel kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchli shamol esishi va chang to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Tog‘li hududlarda 17−19-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, baland tog‘li hududlarda esa yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar berilgan. Toshkent shahrida dam olish kunlari davomida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, juma kuni harorat +14…+16, shanba kuni +19…+21, yakshanba kuni esa +21…+23 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz