Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarining AMEA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda bir nechta yirik energetika loyihasi qurilishiga start berildi. Loyihalar 13-may kuni “O‘zbekiston energetika haftaligi — 2026” doirasida ishga tushirildi.

Xususan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt/soat) bo‘lgan energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi. Loyiha qiymati 86,1 million dollarga baholanmoqda. Bundan tashqari, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida quvvati 200 MVt (800 MVt/soat) bo‘lgan yana bir energiya saqlash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etadi.

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi va uzunligi 40 km bo‘lgan elektr uzatish tarmog‘ini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 1,06 milliard dollarga baholanmoqda.

Energetika vazirligining qayd etishicha, ushbu loyihalar mamlakatning energetika infratuzilmasini yanada mustahkamlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va energiya ta’minoti barqarorligini oshirishga hissa qo‘shishi lozim.

“O‘zbekistonning 2035-yilgacha energetikani rivojlantirish strategiyasida elektr energiyasining ulgurji bozorini yaratish, tarmoqlarning bir qismini xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazish, RAB tariflarini joriy etish rejalashtirilgan”, — degandi BCG hamkori Igor Alekseyev 2025-yil oktabr oyida. Energiya iste’moli 123 mlrd kVt/soatgacha, generatsiya esa 34 GVtga oshishi kutilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishida bir necha yil oldin elektr energiyasi importchisi bo‘lgan O‘zbekiston endi uni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga yetkazib berayotgani va hajmini oshkor qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat “ishonchli ishlab chiqaruvchi”, tranzit yo‘lagi va energiya tizimlarining mintaqaviy integratoriga aylanib bormoqda.

Source: www.gazeta.uz