AQSh prezidenti Donald Tramp 14-may kuni Pekinga Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Muzokaralar Tyananmen maydonidagi Xalq yig‘inlari saroyida ikki soatdan ko‘proq davom etdi va yopiq eshiklar ortida o‘tdi.
“Sinxua” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Si Szinpin Trampga Xitoy va AQSh munosabatlaridagi eng muhim masala — “Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash” ekanini aytgan. U Tayvan masalasida noto‘g‘ri yo‘l tutilsa, to‘qnashuvlar va nizolar kelib chiqishi mumkinligini ta’kidlagan.
Oq uy uchrashuvni “samarali” deb baholadi. Tomonlar AQSh biznesi uchun Xitoy bozoriga kirishni kengaytirish, Xitoyning AQSh sanoatiga investitsiyalarini oshirish, fentanil prekursorlari oqimini to‘xtatish va Xitoy tomonidan AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini ko‘paytirish masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, tomonlar Xurmuz bo‘g‘ozi ochiq qolishi kerakligi bo‘yicha kelishib oldi. Si Szinpin Xitoyning bo‘g‘ozni harbiylashtirishga va undan foydalanganlik uchun haq undirishga qarshi ekanini bildirdi. U kelgusida Xitoyning ushbu bo‘g‘ozga qaramligini kamaytirish uchun ko‘proq AQSh neftini sotib olishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralarning ochiq qismida Tramp Sini “buyuk yetakchi” va o‘zining do‘sti deb atadi. Xitoy yetakchisi esa hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli, qarama-qarshilik esa zararli ekanini aytdi.
Source: www.gazeta.uz